“Trastbank” xususiy aksidayorlik banki hamda Toshkent Kimyo xalqaro universiteti tomonidan “Islom banki va moliyasi” fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazildi. Unda mazkur oliy o‘quv yurtining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishi 2–4 kurs talabalari ishtirok etdi.
G‘oliblarni saralash jarayonlari ikki bosqichdan iborat bo‘ldi. Joriy yilning 4-may sanasida olimpiadaning dastlabki bosqichi, ya’ni test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 nafar talaba tanlovning ikkinchi bosqichiga o‘tish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Universitetning “Bank ishi va buxgalteriya hisobi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va “Trastbank” XAB hamda “Trast Muamalat” MCHJ mutasaddilari suhbat asosida talabalarning bilimlarini tekshirishdi.
Olimpiadada yuqori ball olib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan quyidagi talabalarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda “Trastbank” XAB bosh ofisi va filiallarida amaliyot o‘tab tajriba orttirish imkoniyati berildi.
1-o‘rin
Muhammad Amin Karimjonov
2-o‘rin
Azimjon Najmiddinov
3-o‘rin
Robiyaxon Akbarova
Ta’kidlash joizki, bunday fan olimpiadalari talaba-yoshlar uchun o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishida tajriba maydoni vazifasini o‘taydi.