O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi bank sektoriga islomiy moliyalashtirish infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Xususiy Sektorni Rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasining maslahat yordamini jalb qilish belgilangan.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-maydagi “Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga urg‘u berilgan.
Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2019-yil 22-avgust kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy Sektorni Rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasi (ICD) o‘rtasida “Maslahat yordami to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, bank tizimiga “Islom darchasi” xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, hamkorlik va shariat shartlari asosida kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, bu borada xodimlarning bilim va ko‘nikmasini boyitish kabi masalalarga ham ustuvor ahamiyat qaratildi. Shu jumladan, Bank xodimlarining bilim va malakasini oshirish maqsadida ICD va Islom taraqqiyot banki guruhiga kiruvchi Islom ilmiy-tadqiqot va o‘quv instituti (IRTI) mutaxassislari ishtirokida islomiy moliyalashtirish xizmatlarini joriy etish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mazkur o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli tamomlagan “Trastbank”ning 30 nafar xodimiga Islom taraqqiyot banki ta’lim muassasasining maxsus sertifikatlari topshirildi.
Yana bir jihat. Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ICDning tavsiyasiga binoan “Trastbank” XAB yetakchi islom bankining dasturiy ta’minot kompaniyalaridan biri Iordaniyaning ICS Financial Systems kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Dasturiy ta’minotning imkoniyatlari va funksionalligini o‘rganish maqsadida ICSFS mutaxassislari bank xodimlari uchun uch oylik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar.
Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar, o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Xususan, yurtdoshlarimizga islom shariatlari asosida moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishga zamin yaratadi.
2023-yil 10-yanvar kuni “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki sho‘ba lizing kompaniyasi – “Trast Muamalat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “Trastbank” XAB rahbariyati, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi Sarmoyaga investitsiya kiritish departamenti Maslahat-xizmat bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Nizamiddinov, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, “Trast Muamalat” MChJning asosiy vazifasi amaldagi qonunchilik doirasida samarali “Murabaha (Nasiya savdo)” va “Ijara (Lizing)” operatsiyalarini amalga oshirish orqali moliyaviy xizmatlarni kengaytirish strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro islom moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
“Trastbank”ning Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi bilan uzoq muddatli muvaffaqiyatli hamkorligi “Trast Muamalat” MChJga ITB korporatsiyalarining moliyalashtirish liniyalarini jalb qilish imkonini beradi. Qolaversa, rivojlanishning ushbu bosqichi kompaniyaga jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish, ularning faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki bo‘ladi.
Shuningdek, Kompaniya amaldagi huquqiy sharoitda taklif etilishi rejalashtirilgan shariatga mos moliyaviy mahsulotlarni o‘rganish va joriy etish bilan shug‘ullanadi.